Aholini roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik jarayonining kengligi va davomiyligi uning ahamiyatini yanada oshiradi. Boisi ushbu tadbir natijasida olinadigan maʼlumotlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun muhim va aytish mumkinki asosiy manba boʻlib xizmat qiladi.
Xususan roʻyxatga olish tadbirining yakuniy maʼlumotlari asosida:
- Maʼlum bir sanada aholining aniq soni (yoshi va jinsi tarkibi, fuqaroligi, milliy tarkibi (keng qamrovli), barcha aholi punktlari boʻyicha soni, oilaviy ahvoli, maʼlumot darajasi, uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi, mehnat resurslari, iqtisodiy faol aholi, aholi bandligi (kasbi va mutaxassisligi) va ishsizligi, daromad olish manbalari, nogironligi boʻyicha batafsil maʼlumot olinadi.
- Aholi jon boshiga makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni hisoblashda (yalpi ichki mahsulot, aholi daromadlari, sanoat mahsuloti hajmi, isteʼmol mahsulotlari hajmi, aholiga koʻrsatiladigan xizmatlar hajmi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari) ishlatiladi.
- Aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.
Shuningdek, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot sifatida foydalaniladi.
Statistika idoralari tomonidan tashkil etiladigan tanlama kuzatuvlarni tashkil etishda maʼlumotlar bazasi sifatida qoʻllaniladi va milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish koʻrsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritishda xizmat qiladi.
Aholi punktlarining infratuzilmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish boʻyicha qisqa, oʻrta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda ushbu maʼlumotlarning ahamiyati katta.
Shu bilan bir qatorda xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tomonidan amalga oshiriladigan tahlillar uchun aholini roʻyxatga olish tadbiri maʼlumotlari keng qamrovli axborotlar manbai hisoblanadi.
Bunday maʼlumotlar ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni prognoz qilish, bandlik sohasidagi siyosatni belgilash, ijtimoiy siyosat va aholi salomatligi boʻyicha dasturlarni yaratishda, shuningdek davlat hokimiyati organlarining vazifalarini bajarishi, fan va jamiyatni axborot bilan taʼminlash uchun zarurdir.
J.B.Bekchanov
Xorazm viloyati statistika boshqarmasi
Roʻyxatga olish jarayonlarini
tashkil qilish va oʻtkazish boʻlimi
boshligʻi