29/06/2021

2021-  yil 25-  iyun kuni Vashington shahrida Jahon banki Ijrochi direktorlari Kengashi tomonidan “Elektr energetikasi sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish” loyihasi tasdiqlandi. Loyihada O‘zbekistonning millionlab iste’molchilari, ishlab chiqarish korxonalari, yirik sanoat va klaster majmualari elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish maqsadida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning barqaror faoliyati rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Loyiha Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining (XTA) 380 million AQSh  dollari hisobidagi krediti va “Barqaror qayta tiklanadigan energiya xatarlarini kamaytirish tashabbusi” dasturi doirasida Yashil Iqlim Fondi (YIF) tomonidan ajratiladigan 43 million AQSH dollari hisobidagi kredit bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘zbekiston hukumati ushbu moliyalashtirishni juda past foizli stavkalar hamda uzoq muddatli — 40 yilgacha qaytarish sharti bilan olishi nazarda tutilgan. Shuningdek, YIF mazkur loyiha faoliyatini qoplash uchun 4 million AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratadi.

O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 2030-  yilga kelib 100 teravatt•soatdan oshishi kutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, 2018-  yildagi 61 TVt•soatdan sezilarli darajada o‘sish degani. Mamlakatda 250 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish va taqsimlash tarmoqlari mavjud bo‘lib, ularning aksariyati O‘zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar qurilgan bo‘lib, samarali ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan. Tabiiyki, eskirgan infratuzilma elektr energiyasining yuqori ko‘rsatkichli texnologik sarflari hamda turli nosozliklarga sabab bo‘ladi. Bu yo‘qotishlar sof ishlab chiqarish — generatsiyaning taxminan 20 foizini tashkil etib, elektr energiyasi ta’minotidagi nosozliklar butun mamlakat bo‘ylab iqtisodiy faoliyat va fuqarolar farovonligiga putur etkazadi.

Loyiha “O‘zbekiston MET” AJning ustuvor investitsiya dasturining bir qismini moliyalashtirish orqali eskirgan energiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishga yordam beradi. Boshqa tadbirlar bilan bir qatorda loyiha doirasiga 22 ta eskirgan yuqori kuchlanishli podstansiyalarni yangilash va kengaytirish hamda O‘zbekistonning 11 mintaqasida yangi 500 kV kuchlanishli podstansiya va u bilan bog‘liq elektr uzatish tarmoqlarini qurish kiradi.